Hokim oʻrinbosari biznesmendan $20 ming pora olib qoʻlga tushdi
Davlat xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmalari tomonidan Qashqadaryo, Navoiy, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida tuman hokimlari oʻrinbosarlari va ularning yordamchilari korrupsiya jinoyatlari bilan qoʻlga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida Dehqonobod tumani hokimining oʻrinbosari obodonlashtirish ishlariga doir qogʻozlarga imzo qoʻyish evaziga $5 ming pora olgan va qo‘lga tushgan. Shuningdek, yana bir shaxs 15 mln soʻm bilan qoʻlga olingan. Har ikki holatda ham jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, shaxslar qamoqqa olingan.
Navoiy viloyatida esa MCHJ rahbari va hokim yordamchisi Xatirchi tumanida imtiyozli kredit olish uchun 20 mln soʻm pora olgan va ushlandi. Yana bir hokim yordamchisi Andijon viloyatida tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlagan fuqarodan 9 mln soʻm pora olgani fosh bo‘lgan.
Sirdaryo viloyati Xovos tumanida esa hokim oʻrinbosari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi MCHJga yordam berish evaziga $20 ming talab qilgan va qoʻlga olingan. Ushbu holatning yakuni boʻyicha sud qarori bilan mansabdor shaxs 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prokuratura katta tergovchisi $40 ming pora bilan qochib ketgani haqida yozgan edik.