Tarmoqlar yengil avtomobillar importida muvofiqlik sertifikatini olish xarajati 3,5 baravarga, ya’ni 2,6 mln soʻmdan 9,1 mln soʻmga oshgani haqida xabarlar keng tarqalmoqda. Kursiv Uzbekistan holatga aniqlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) bilan bogʻlandi.
Kursiv bilan suhbatda boʻlgan markaz mutaxassisi joriy qilingan bu choralar rasmiy diler bo‘lmaganlar uchun taalluqli ekanligini ma’lum qildi.
«Buning rasmiy dilerlar uchun hech qanday ta’siri yoʻq, ularga uch yil uchun sertifikat beriladi. Bu oʻzimizda dilerlik markazlari yoki rasmiy kompaniyasi boʻlishiga qaramay, chetdan o‘zlari olib keluvchilar uchun amal qiladi. Koʻrilayotgan choralar respublikadagi rasmiy dilerlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qilinyapti» , – deydi mutaxassis.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Xitoyda koʻplab avtomobil ishlab chiqaradigan brendlar mavjud. Ular bir-biri bilan raqobat qilish uchun avtomobillarni reklama aksiyasi orqali sotadi. Shunday holatlarda bizning tadbirkorlar olib kelib sotmoqda. Lekin oʻsha kompaniyaning oʻzining Oʻzbekiston uchun tegishli siyosati bor, ya’ni oʻzining dilerlik markazlari boʻlishi mumkin.
«Umuman bu jarayonlarning barchasi iste’molchilar huquqlari uchun qilinmoqda. Rasmiy dilerlar avtomobil uchun kafolat va servis xizmatlarini taqdim qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan avtomobillar komplektatsiyasi ham farq qiladi. Rasmiy dilerlar mamlakatga kirishdan oldin avtomobilni o‘sha mamlakatga moslaydi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib oʻtamiz, 1-noyabrdan Texnik jihatdan tartibga solish agentligining tashabbusi bilan import qilinayotgan avtomobillarning muvofiqligini tekshirish jarayonlari Piskent avtopoligonida amalga oshiriladigan boʻldi.