Zulfiya mukofotiga nomzodlarni tanlash tartibi belgilandi

eʼlon qilindi
Jami 28 nafar nomzodga topshiriladi
Foto: Madaniyat vazirligi axborot xizmati

Joriy yilning 1-noyabr kuni Hukumatning 731-son qarori bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni tanlash va hujjatlarini topshirish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlarni saralash, hujjatlarni rasmiylashtirish va nomzodlarning yutuqlarini, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari aniqlandi.

Nomzodlar quyidagi 8 yo‘nalishda – fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlov orqali saralanadi.

Mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, 14-yoshdan 30-yoshgacha bo‘lgan qobiliyatli ayollarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.

Saralash bosqichlari tuman (shahar) bosqichi – 2-sentabrdan 20-oktabrgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi – 21-oktabrdan 30-noyabrgacha, respublika bosqichi – 1-dekabrdan 31-dekabrgacha o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan ikki nafar vakilga – jami 28 nafar nomzodga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek