OTB O‘zbekiston uchun $5 milliardlik besh yillik strategiyani qabul qildi
5-noyabr kuni Toshkentda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Oʻzbekiston bilan hamkorlik strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. OTBning mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha mutaxassisi Begzod Djalilov strategiya bo‘yicha rejalar haqida Kursiv Uzbekistan muxbiri bilan suhbatlashdi.
Inson resurslari va iqtisodiy barqarorlikni rivojlantirish
«Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda loyihalarni rejalashtirish va amalga oshirishda strategik yoʻnalishlarga asoslanib ish olib boradi. Har besh yilda besh yillik strategiya qabul qilinadi, bu hamkorlik strategiyasi deb ataladi. Oʻzbekiston bilan navbatdagi strategiyamiz 2024 – 2028-yillarni oʻz ichiga oladi», – deydi OTBning vakili.
Begzod Djalilov so‘zlariga ko‘ra, bu strategiya uchta asosiy yoʻnalishga qaratilgan. Birinchisi, yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayoniga koʻmaklashish, ikkinchisi, xususiy sektor va raqobatbardoshlikni kuchaytirish va uchinchisi, inson resurslarini rivojlantirish. Ana shu uch yoʻnalishda kelgusi besh yilda loyihalarni shakllantirib, moliyaviy resurslar investitsiya qilinadi.
Yashil iqtisodiyot
Yashil iqtisodiyotga o‘tishga ko‘maklashish rejalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish va saqlash uchun xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash. Bundan tashqari, Orol dengizi havzasida irrigatsiya va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish orqali iqlimga chidamlilikni oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun iqlimga asoslangan yechimlarni ilgari surish ham rejalashtirilgan.
«Suv bilan bogʻliq loyihalar 2025-yil oxiri yoki 2026-yil boshlarida shakllantirilib, amalga oshirish boshlanadi. Bu asosan Orol dengizi havzasi, Zarafshon vodiysi, Qashqadaryo va Surxondaryo hududlaridagi irrigatsiya tizimlariga qaratilgan», – deb qo‘shimcha qildi Begzod Djalilov.
Transport sohasida mahalliy ifloslantiruvchi moddalar va karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish, temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishni davom ettirish va elektron mobillik infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Iqlimni moliyalashtirish islohotlari, jumladan, uy-joyni innovatsion moliyalashtirish, kichik va o‘rta biznesni «yashil» kreditlash va mikrokreditlashni qo‘llab-quvvatlash ham rejalashtirilmoqda.
Davlat sektorini boshqarishda «yashil» kun tartibini joriy etish, davlat korxonalari tomonidan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv menejmenti (ESG) tamoyillarini qabul qilish, shuningdek, iqlim xatarlari nuqtai nazaridan davlat investitsiya loyihalarini tizimli baholash muhim ahamiyatga ega. Qazib olinadigan yoqilgʻini subsidiyalashni oqilona tashkil etish va uglerod chiqindilari uchun soliq joriy qilishga tayyorlanish ham ko‘zda tutilgan.
Yashil iqtisodiyotni tezlashtirish maqsadida koʻplab imtiyozlar berilgan. Bunga qoʻshimcha ravishda OTB moliya sektori boʻyicha mikromoliyadan tortib, uy-joy qurilishi va ipoteka kreditlashgacha bo‘lgan dasturlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbekistonga sarmoya
Begzod Djalilov aytishicha, besh yil davomida O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun $5 milliardga yaqin mablag‘ ajratiladi.
Ushbu mablag‘lar OTB tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning muhim qismidir va O‘zbekistonning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi, deb qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «yashil» obligatsiyalar paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.