O‘zbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisida Yaqin Sharqdagi nizoning yagona yechimini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda.
«Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir», — dedi prezident.
Mirziyoyev BMTning Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoraladi.
«Keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilamiz», — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha agentligi faoliyatiga taqiq qo‘ygani haqida xabar bergan edi.