TBC Uzbekistanʼning sof foydasi 97 foizga oshdi
2024-yilning toʻqqiz oyi davomida TBC Uzbekistanʼning sof foydasi 343 milliard soʻmni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 97 foiz koʻproq. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga maʼlum qildi
Qayd etilishicha, sof foyda uchinchi chorakda rekord darajadagi 147,6 milliard soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 132 foizga oʻsishga erishgan. 30-sentabr holatiga koʻra, bankning kredit portfeli 5,86 trillion soʻmga yetdi. Jismoniy shaxslar omonatlari hajmi esa 70 foizga oʻsib, 4 trillion soʻmni tashkil etdi.
TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdianining soʻzlariga koʻra, bank tizimidan allaqachon 17 million foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan.
«Bu nafqat bizni Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham eng yirik raqamli moliyaviy ekotizimlardan biriga aylantiradi», — deydi Nika Kurdiani.
Bu bilan birga, ortda qolgan davrda TBC Bank Uzbekistan Visa va Mastercard bilan xalqaro toʻlovlar va pul oʻtkazmalari infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha strategik shartnomalar imzoladi.
Avvalroq «Kursiv» 2025-yilda TBC Uzbekistanʼning sof foydasi $75 millionga yetishi prognoz qilinayotgani haqida xabar berdi.