Yangiliklar

Gazsimon yoqilg‘ilardan foydalanish talablari belgilandi

Xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan texnik reglament ishlab chiqildi
Foto: Zhudifeng

Transport vazirligi Vazirlar Mahkamasining «Siqilgan tabiiy gaz, suyultirilgan neft gazlari yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasi bilan ishlaydigan transport vositalari xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Loyiha bilan siqilgan tabiiy gaz, suyultirilgan neft gazlari yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasi bilan ishlaydigan transport vositalari xavfsizligiga qo‘yiladigan yagona talablar belgilanmoqda.

Loyihaga ko‘ra, siqilgan tabiiy gaz, suyultirilgan uglevodorod gazlari yoki dizel va gazsimon yoqilgʻi aralashmasi bilan ishlaydigan transport vositalari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan texnik reglament Respublika hududida majburiy hisoblanadi.

Reglamentning maqsadi fuqarolar hayotini muhofaza qilish, atrof-muhitni asrash va energiya samaradorligini oshirishdan iborat. Shuningdek, u mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash va savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Avtotransport vositalariga gaz-ballon uskunalarini o‘rnatish jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

  1. Transport vositasini qabul qilish va texnik holatini tekshirish.
  2. Gaz-ballon uskunalari elementlarini o‘rnatish uchun tayyorlash va montaj qilish.
  3. Gaz-ballon tizimlarini belgilangan bosimda sinovdan o‘tkazish.
  4. Avtomobilni markalash va qabul qilish-topshirish hujjatlarini rasmiylashtirish.

Ballonlar transport vositalarida tashilayotgan yukning mexanik yoki kimyoviy ta’siriga uchramasligi, shuningdek, harakat sharoitida yeyilish yoki shikastlanish holatlaridan saqlanishi lozim. Ballonlar ba’zi tashqi ta’sirlar, masalan, tuz, ultrabinafsha nurlanish, agressiv kimyoviy moddalar va avtomobil suyuqliklari kabi muhitlardan zarar ko‘rmasligi lozim.

Ballonlarning xizmat muddati ballon ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan belgilanadi. Siqilgan tabiiy gaz ballonlari uchun bu muddat 10-yil yoki 10,000 to‘ldirish davri, suyultirilgan neft gazi ballonlari uchun esa 15 yilni tashkil qiladi. Muddat tugagach ballonlar utilizatsiya qilinishi kerak bo‘ladi.

Qaror loyihasi bilan ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yonilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini kuzatib borish uchun mobil ilova ishga tushirilgan edi.