Prezident «Oʻq otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qaror mamlakatda oʻq otish sportini rivojlantirish va shu sohada yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslarni o‘z ichiga oladi.
Qarorga muvofiq, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida 10 metr masofaga oʻq otish uchun zamonaviy sport bazalari tashkil etiladi. Bu bazalar yuqori sifatli sport anjomlari va inventarlari bilan jihozlanadi.
Shu bilan birga, 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida «Sport faoliyati: oʻq otish va stenddan oʻq otish» yo‘nalishi boʻyicha bakalavriat ta’limi tashkil etiladi.
Oʻq otish sport turlarida muvaffaqiyatli natijalarga erishish uchun muhim bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash tizimi ham yaxshilanadi. Milliy terma jamoalar uchun trenerlar, seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning malakasini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida seminar va treninglar tashkil etiladi.
2025-yildan boshlab har yili o‘q otish sporti boʻyicha ikki yangi yirik musobaqa o‘tkazilishi rejalashtirilgan: harbiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida «Mergan» kubogi va yosh toifalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatlari. Shuningdek, tuman va shaharlar darajasida sport maktablarida oʻq otish sport turlari boʻyicha yangi sport guruhlari tashkil etiladi.
Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida 2025-yildan boshlab «Oʻqotar va pnevmatik sport qurollarining taktik-texnik tavsiflari» boʻyicha amaliy mashgʻulotlar kiritilishi va bu jarayonda harbiy qismlar va poligonlardan foydalanilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xokkey klublar uchun foyda solig‘i uch yil muddatga 50 foizga kamaytirilishi haqida yozgan edik.