Qo‘qonda «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terror tashkiloti tarafdorlari qamoqqa olindi

eʼlon qilindi
Aybdorlarga 6-yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi
Foto: DXX matbuot xizmati video / skrinshot

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Qo‘qon shahrida faoliyat olib borgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti tarafdorlari guruhi fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, guruhning 11-nafar a’zosi Qo‘qon shahri va O‘zbekiston tumanlarida yashovchi, 1980 – 2000-yillar orasida tug‘ilgan fuqarolardan iborat.

2021 – 2023-yillarda noqonuniy guruh a’zolari Qo‘qon shahridagi choyxonalarda yig‘inlar o‘tkazib, u yerda diniy ekstremizm va jihod haqidagi g‘oyalar bilan bo‘lishishgan.

Ushbu yig‘inlarda ular Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Yaxyo Turkistoniy kabi shaxslarning taqiqlangan ma’ruzalarini tinglab, boshqa shaxslarni islom xalifaligini tashkil etish, jihod kabi ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qilganlar.

Foto: DXX matbuot xizmati video / skrinshot

Ma’lum qilinishicha, guruhning ikki nafar a’zosi, hozirda Suriya hududida «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkilotida faoliyat yuritayotgan qo‘qonlik Jasur ismli shaxsga $3 ming miqdorda pul mablag‘i yuborgan.

Shuningdek, guruh a’zolari boshqa fuqarolarni yig‘inlarga jalb qilib, ularning ongiga ekstremistik g‘oyalarni singdirgan. Telegram messenjerida tashkil etilgan guruhda navbatdagi yig‘in vaqti va joyi haqida ma’lumotlar berib borilgan.

Qo‘qon shahar sudining hukmiga ko‘ra, guruh a’zolari Jinoyat kodeksining 1553, 159, 2441 va 2442-moddalari (terrorizmni moliyalashtirish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va h.k) bo‘yicha aybdor deb topilib, ularga 6-yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yil boshida diniy qo‘mita O‘zbekistonda taqiqlangan materiallar ro‘yxatini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek