Turkiy davlatlar tashkilotining yangi bayrog‘i qabul qilindi
Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining 11-sammitida tashkilotning yangi bayrog‘i qabul qilindi. Bu haqda Ozarbayjonning Report axborot portali ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bayroq dizaynida sakkizburchak, yarim oy va yulduz hamda firuza ko‘k rangli maydonda markazida bir tekis tarqoq to‘g‘ri nurlari bo‘lgan quyosh tasvirlangan.
Moviy fon (Pantone 3125C) musaffo osmon, tinchlik va farovonlikni anglatadi. Bu monoxromatik fon turkiy xalqlarning birligini bildiradi. Tarixan ko‘k rang turkiy madaniyat va an’analar bilan bog‘lanib, uning madaniy ahamiyatini yanada kuchaytirgan.
Sakkizburchak koʻp asrlik turkiy davlatchiligini ifodalab, hurriyat tasdigʻi, barqarorlik, oʻzaro bogʻliqlik va mushtarak turkiy madaniy merosdan olingan kuch-quvvat belgisini ifodalaydi. Turkiy va islom an’analarida sakkizburchak hidoyat va donolik ramzi bo’lib, tashkilotning olg‘a intilish yo‘lida mayoq bo‘lib xizmat qiladi.
Quyosh o‘zining qirqta tekis nurlari bilan yorug‘lik, ochiqlik va hayotiylikni anglatadi. Nurlar turkiy dunyoning yo‘lini yorituvchi, uni yanada porloq va farovon kelajak sari yetaklovchi umumiy qadriyatlar va mushtarak qarashlarni ifodalaydi.
Turkiy dunyoda mashhur timsol bo‘lgan yarim oy va yulduz turkiy davlatchilik, yuksalish, kelajakka intilish va taraqqiyotni ifodalaydi. Ushbu elementlar turkiy davlatlarning boy umumiy tarixiga asoslangan tashkilotning dinamik va istiqbolli ruhini aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammitida qanday masalalar ko‘rib chiqilgan edi.