Yangiliklar

Yangi dizaynga ega Kia Sportage 2026 taqdim etildi: narxlar qanday

2025-yilning ikkinchi choragida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda
Foto: Kia kompaniyasi axborot xizmati

Kia kompaniyasi Koreyada yangilangan 2026-yilgi Sportage modelini taqdim etdi. Ushbu model 2025-yilning ikkinchi choragida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

Tashqi ko‘rinishi va ichki mexanizmi

Qayd etilishicha, 1,6 litrli to‘rt silindrli turbo dvigatelga ega modellar uchun yangi transmissiya joriy etilgan.

Shuningdek, modelga avvalgi yetti pog‘onali qo‘shaloq muftali uzatmalar qutisi o‘rniga sakkiz pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi joriy etildi. Modelda 1,6 litrli ushbu dvigatel 180 ot kuchiga ega.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya old ustunga ikki tomonlama amortizator va o‘rta ustunga yo‘l shovqinini kamaytirish uchun ovoz yutuvchi material o‘rnatdi. Avtomobilda 17 dan 19 dyuymgacha bo‘lgan yangi g‘ildirklar, ularning yangi dizayni va ranglari ishlab chiqildi.

Foto: Kia kompaniyasi axborot xizmati

Salon qismidagi yangiliklar

Avtomobilning salon qismida kompaniyaning yangi avlod ccNC operatsion tizimida ishlaydigan 12,3 dyuymli sensorli ekran qismi mavjud. Shuningdek, u 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli bilan yonma-yon joylashgan bo‘lib avtomobilda proyeksion displey ham bor.

Shuningdek, avtomobil sun’iy yo‘ldosh navigatsiya funksiyasi bilan jihozlangan, adaptiv kruiz-nazorat esa avtomobil tezligini boshqarish uchun navigatsiya ma’lumotlaridan foydalanishi mumkin. Sportage avtomobili simsiz quvvatlovchi yangilangan tizim hamda barmoq izi orqali autentifikatsiya tizimiga ega.

Avtomobilning texnik funksiyalarga Kia Digital Key 2 ham kiradi, bu iPhone, Apple Watch yoki Android bazasidagi smartfon yordamida avtomobilni ochish va ishga tushirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, avtomobilda Highway Driving Assist 2 tizimi mavjud bo‘lib, u adaptiv kruiz-nazorat va yo‘lakni ushlab turish funksiyasini birlashtiradi va yo‘lak almashtirishda avtomatik ravishda qayta joylashishni amalga oshirishi mumkin.

Foto: Kia kompaniyasi axborot xizmati

Narxlar

Kompaniya avtomobil uchun ichki bozorda, uch xil kuch qurilmasida narxlarni taklif etmoqda: 1,6 litrli turbo benzin dvigateli (8 pog‘onali «avtomat» bilan birga ishlaydi), hajmi 2,0 litr bo‘lgan benzin va gazda ishlaydigan dvigatel (bunda 6 pog‘onali «avtomat» qo‘llaniladi) va 1,6 litrli dvigatel, 6 pog‘onali «avtomat» va 65 ot kuchiga ega elektromotordan iborat gibrid tizim.

Benzinli dvigatelga ega bazaviy variant to‘rtta komplektatsiyada taklif etiladi: Prestige, Noblesse, Signature va Signature X-Line. Narxlar $20,5 mingdan $25,5 minggacha o‘zgaradi.

Sportage 2026 ning 2,0 litrli LPG dvigatelli versiyasi xuddi shu komplektatsiyalarda taklif etiladi, narxlar $21 mingdan $26 minggacha.

Avtomobilning gibrid varianti eng qimmat hisoblanib, ushbu komplektatsiyalarda narxlar $25 mingdan $29,8 minggacha o‘zgaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv O‘zbekistonda qaysi Kia modellari eng ko‘p sotilmoqdaligi haqida xabar bergan edi.