Andijonda yerni rasmiylashtirib berish evaziga $230 ming talab qilgan shaxs ushlandi

eʼlon qilindi
Bu kabi holatlar Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ham yuz bergan
Foto: DXX matbuot xizmati video/skrinshot

Andijon viloyatida kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga $230 ming talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon shahrida MCHJ rahbari va YaTT egasi til biriktirib, Asaka tumani hokimligi ajratgan issiqxona uchun yer hujjatlarini o‘zgartirib, kottej qurish uchun rasmiylashtirish evaziga xaridordan $230 ming talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yer uchastkasi 2020-yilda hokim qarori asosida YaTT egasining o‘ziga ajratilgan bo‘lib, aybdorlar $30 ming olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Yana bir holat, Toshkent viloyatida advokat va uning opasi Chinoz tumani hokimligi tomonidan 49-yilga ijaraga berilgan 9,72 gektar yerni soxta hujjatlar bilan xaridor nomiga rasmiylashtirish evaziga $35 ming olgan vaqtda qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, yer uchastkasi hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga tegishli fermer xo‘jalikka baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun 2016-yilda qaror asosida ijaraga berilgan bo‘lgan.

Surxondaryo viloyatida ham shu kabi holat, aybdorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun hokimlik qarori bilan ijaraga berilgan yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 430 mln so‘m talab qilib, oldindan $23,6 ming va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Foto: DXX matbuot xizmati video/skrinshot

Bundan tashqari, Xorazm viloyatida ikki nafar fuqaro tomonidan Urganch tumani hokimligi zaxirasidagi besh sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 mln so‘m talab qilib, oldindan 300 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan aybdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida MIB, soliq va bojxona xodimlari pora bilan ushlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek