Yangiliklar

Argentina prokuraturasi One Direction sobiq solisti o‘limida uch kishini aybladi

Ayblanuvchilarning shaxsi oshkor etilmadi
Foto: AP

Argentina prokuraturasi oktabr oyida Buenos-Ayresda vafot etgan One Direction pop guruhining sobiq solisti Liam Peynning oʻlimi bilan bogʻliq holatda uch kishiga ayblov e’lon qildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Ularga «giyohvandlik vositalarini yetkazib berish va iste’mol qilishga ko‘maklashish» va «odamni xavf ostida qoldirish, buning oqibatida oʻlimga olib kelish» kabi jinoyatlarda ayblov e’lon qilingan. Bu shaxslar tergov davomida Argentinani tark eta olmaydi.

Oktabr oyining oʻrtalarida Peyn Buenos-Ayresdagi mehmonxona xonasi balkonidan tushib ketgan. Sud-tibbiy ekspertiza natijalariga koʻra, musiqachi koʻp sonli jarohatlar va qon ketishi oqibatida vafot etgan. Toksikologik ekspertiza xulosasiga koʻra, marhumning organizmida spirtli ichimlik, kokain va antidepressant moddalari aniqlangan.

Liam Peyn – britaniyalik bastakor, qo‘shiq muallifi va qo‘shiqchi. 2010-yildan 2016-yilgacha mashhur bo‘lgan One Direction guruhining sobiq a’zosi. Peyn yakka xonanda sifatida ham faoliyat yuritgan va 2019-yilda «LP1» nomli albomini chiqargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 31-yoshli Peynning o‘limi tafsilotlari haqida yozgan edi.