Ayrim tadbirkorlar to‘lagan solig‘ining bir qismini qaytarib olishi mumkin
Ayrim tadbirkorlik subyektlariga budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomi tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, ushbu nizom umumiy ovqatlanish, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga taalluqli bo‘lib, ushbu nizom 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Nizomga ko‘ra, 2024-yil 1-oktabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga, budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.
Kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab umumiy ovqatlanish bo‘yicha subyektlar oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasining naqd pulsiz qismi 60 foiz va undan yuqori bo‘lganda budjetga to‘langan soliqning 40 foizi qaytariladi.
Shuningdek, 60 foizdan kam bo‘lgan taqdirda budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.
Ma’lumot uchun, tadbirkorlik subyekti soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan mikrobiznes uchun qat’iy belgilangan aylanmadan olinadigan soliq stavkalari bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.