Buxoro viloyatida to‘rt nafar fuqaro elektr qarmoq yordamida Qizil kitobga kiritilgan baliqlarni ovlagani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jondor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar Qorovulbozor tumanida 20 dona Turkiston mo‘ylovdori hamda 25 dona zog‘ora balig‘ini ovlagan. Huquqbuzarlik natijasida fuqarolar tabiatga 1 mlrd 603 mln 125 ming so‘m zarar yetkazgan.
Ma’lumot uchun, 20 dona Turkiston mo‘ylovdorining har biri uchun 26 million 250 ming so‘m, jami 525 million so‘m zarar hisoblangan.
Shuningdek, 25 dona zog‘ora baliqning har bir donasi uchun 375 ming so‘m, jami 9 million 375 ming so‘m zarar hisoblangan. Baliqlar taqiqlangan elektr qarmoq yordamida ovlangani uchun zararlar uch baravarga ko‘paytirilgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib prokuratura organlariga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Elektr tokidan foydalangan holda baliq ovlash uchun jinoiy javobgarlikni belgilash rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.