Prezidentning fevral oyidagi qaroriga muvofiq, joriy yilda ehtiyojmand shaxslar uchun protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalarini elektron tijorat orqali vaucher asosida olish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur tizimning muvaffaqiyatli ishlagani natijasida 1-oktabrdan boshlab, tizim respublikaning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. 1-noyabrdan esa ijtimoiy himoya agentligi tomonidan ehtiyojmandlarni aniqlash ishlari yanada faollashdi.
Bepul protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari nogironligi bo‘lgan va pensiya yoshidagi nogironligi bo‘lmagan shaxslarga tibbiy xulosasi asosida taqdim etiladi.
Buning uchun fuqarolar o‘z tuman yoki shahardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga, mahalladagi ijtimoiy xodimga yoki Agentlikning 1140 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali murojaat qilishlari mumkin.
Shuningdek, my.ihma.uz elektron platformasi orqali ham zarur vositalarga buyurtma berish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar transportda bepul harakatlanishi haqida yozgan edik.