O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy stavkalari bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida belgilandi.
Qayd etilishicha, yil boshida aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan edi. U o‘tgan yili aylanma ulushidan kelib chiqqan holda (4 foiz) soliqqa muqobil sifatida joriy qilingan edi.
Kelgusi yilning 1-yanvaridan boshlab, 500 million so‘mgacha bo‘lgan yillik jami daromad uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi 34 million so‘mni, 500 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan daromadlar uchun 40 million so‘mni tashkil etadi.
Yuqorida qayd etilgan tartib muddatsiz joriy qilingan edi, biroq endilikda ushbu tartib 2026-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi. Ya’ni bu muddatdan so‘ng mikrofirmalar aylanma soliqni soddalashtirilgan tartibda to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Ushbu holatga iqtisodchi Otabek Bakirov munosabat bildirdi.
«Agar antibiznes qonuni kuchga kirsa, tadbirkorlikni boshlash va mavjudini oqartirishga bo‘lgan barcha motivatsiyani o‘ldirishga xizmat qiladi. Mazkur mexanizmni shaxsan davlat rahbarining o‘zi kichik tadbirkorlik oyoqqa turishi uchun taklif etgani va joriy qilganiyam o‘zbek chinovniklarini (amaldorlarini – tahr.) to‘xtatib qolmayotgani ko‘rinadi », – dedi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorliklarda tekshiruvlar oʻtkazilmasligi haqida xabar bergan edi.