Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Ipak Yoʻli banki Oʻzbekistondagi mikro, kichik va oʻrta biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 625 mlrd soʻm (taxminan $50 mln) miqdorida kredit berish toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar berdi.
Ajratilgan mablagʻlarning 60 foizi Toshkentdan tashqari hududlardagi korxonalar uchun moliyaviy resurslarga boʻlgan talabni qondirishga yoʻnaltiriladi.
Ajratilgan kreditning 20 foizi ayollarga tegishli boʻlgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga, 10 foizi esa ekologik toza texnologiyalar loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
OTB ma’lumotlariga ko‘ra mikro, kichik va oʻrta biznes subyektlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan koʻpini tashkil etadi, ammo koʻpincha bank kreditlarini olishda qiyinchiliklarga duch keladi. Bu tashabbus esa iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari yaratish va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB O‘zbekiston uchun $5 milliardlik besh yillik strategiyani qabul qilgani haqida yozgan edi.