Qozog‘istonda vertolyot qulashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
Qozog‘iston Mi-8 vertolyoti Aqto‘be viloyati Marktuk tumanining Sarijar qishlog‘i yaqinida halokatga uchradi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vertolyot mamlakat Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘lgan. Vertolyotda uch nafar shaxs bo‘lgan, biri halok bo‘lgan qolgan ikkitasi esa jarohatlangan.
Jabrlanganlar Yak-40 samolyotida Aqto‘be viloyat markaziga olib ketilgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari harbiy institutiga yuborilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, FVVga ma’lumot mahalliy vaqt bilan soat 11:40 da kelib tushgan. Qulash oqibatida yonib ketgan vertolyotni o‘chirishga 5 ta texnika va 23 nafar xodim jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda harbiy xizmatchining jarohati va o‘limi uchun sug‘urta to‘lovi miqdori belgilangani haqida xabar bergan edi.