BMW kompaniyasining foydasi 2024-yilning uchinchi choragida 79 foizga kamaydi
2024-yilning uchinchi choragida Germaniyaning avtomobil ishlab chiqaruvchisi boʻlgan BMW Group kompaniyasi soliqqachа foydaning 79% ga kamaygani haqida hisob berdi (€838 millionga). 2023-yilning uchinchi choragida kompaniya €4 mlrd foyda olgan. Bu haqda ishlab chiqaruvchi oʻz choraklik hisobotida ma’lum qildi.
BMW Group menedjmenti firmaning moliyaviy koʻrsatkichlari yomonlashganining asosiy sababi sifatida katta miqdordagi avtomobillarni qaytarib olishga bogʻliq katta xarajatlar sarflanganini koʻrsatmoqda. Avvalroq kompaniya tormoz tizimi elektronikasidagi nosozliklar tufayli 1,5 millionta avtomobilni qaytarib olishga majbur boʻlgan edi. BMW kompaniyasi bunday yo‘qotish tufayli qancha zarar koʻrganini oshkor qilmasa-da, katta miqdordagi pul sarflanganini bildirgan.
BMW Group moliyaviy ko‘rsatkichlariga qo‘shimcha bosim Xitoyda talabning pasayishi bilan bog‘liq. Iqtisodiy muammolar fonida xitoylik iste’molchilar avtomobillarni kamroq sotib ola boshlagan, ayniqsa, premium segmentida.
Natijada sotilgan avtomobillar soni o‘tgan yilning uchinchi choragiga nisbatan 13 foizga kamaygan. Modellar qatorini yangilash va elektr dvigatellariga o‘tish jarayonida bo‘lgan MINI brendining sotuvi hammadan ko‘proq zarar ko‘rdi. Bundan tashqari, Rolls-Royce savdosi 16 foizga kamaydi.
2024-yilning uchinchi choragida BMW Group jami 541 mingta avtomobil sotgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz foydasining 54 foizga pasaygani haqida yozgan edi.