Ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas va Labo narxlari pasayishda davom etdi
2024-yil oktabr oyida ikkilamchi avtomobil bozorida Lacetti, Damas, Labo narxlari pasayishda davom etdi. Bu Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, Spark’ning o‘rtacha narxi biroz ko‘tarilgan bo‘lsa, Cobalt va Nexia narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Mahalliy ommabop avtomobillar
Joriy yilning oktabr oyida ikkilamchi bozorda ko‘p foydalangan Lacetti, Damas, Labo avtomobillarining o‘rtacha narxlari sentabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foizga, 6,3 foizga va 2 foizga pasaygan.
Shuningdek, o‘rtacha foydalanilganining narxlari mos ravishda 0,3 foizga, 0,6 foizga va 3,5 foizga arzonlashdi.
Ko‘p foydalanilgan Spark avtomobilining o‘rtacha narxi 2,2 foizga, o‘rtacha foydalanganining narxi 2,9 foizga oshgan bo‘lsa, Cobalt va Nexia narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.
Oktabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar
Lacetti avtomobilining kam foydalanilgani uchun o‘rtacha narx $15,2 mingni (sentabrda $15,4 ming) tashkil etdi, ko‘p foydalanilgani esa $13,3 mingni (sentabrda $13,5 ming) tashkil etdi. Damas avtomobilining kam foydalanilgani $8,25 mingga (sentabrda $8,3 ming) baholangan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgani $7,5 ming (sentabrda $8 ming) narxlarda taklif qilingan.
Spark avtomobilining o‘rtacha foydalanilgan varianti $10,5 ming (sentabrda $10,2 ming), ko‘p foydalanilgani esa $9,2 ming (sentabrda $9 ming) atrofida taklif qilingan.
Mahalliy lyuks avtomobillar narxi
Joriy yilning oktabr oyida mahalliy lyuks avtomobillaridan Equinox narxi sezilarli o‘zgargan bo‘lsa, Malibu va Tracker narxlari deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
Ushbu davrda kam va o‘rtacha foydalangan Equinox’ning o‘rtacha narxlari sentabr oyiga nisbatan mos ravishda 1,5 foizga va 6,3 foizga arzonlagan bo‘lsa, ko‘p foydalanilgan avtomobilning narxi 1,9 foizga oshdi.
Oktabr oyida kam foydalanilgan Equinox uchun $33 ming (sentabrda $33,5 ming), o‘rtacha foydalanilgani uchun $30 ming (sentabrda $32 ming), ko‘p foydalanilgani uchun esa $27 ming (sentabrda $26,5 ming) narxlarda taklif qilingan.
Elektromobillar narxlari
Joriy yilning oktabr oyida elektromobillar narxi sezilarli darajada arzonlashdi. Xususan, ko‘p foydalanilgan BYD Han avtomobilining o‘rtacha narxi 10,2 foizga, o‘rtacha foydalanilganining narxi 2,6 foizga, yangisining narxi esa 2,2 foizga pasaydi.
O‘rtacha foydalanilgan BYD Song Plus EV Champion’ning narxi 7,5 foizga, yangisining narxi esa 1,2 foizga arzonlashdi.
BYD Han avtomobilining ko‘p foydalanilgan varianti uchun $31,4 ming (sentabrda $35 ming edi), o‘rtacha foydalanilgani uchun esa $37 ming (sentabrda $38 ming edi) narxlar taklif etilgan.
BYD Song Plus EV Champion’ning o‘rtacha foydalanilgani uchun $27,5 ming (sentabrda $29,7 ming edi), yangisining narxi esa $29 ming (sentabrda $29,3 ming) qilib belgilangan.
Bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yili bo‘yicha
2023–2024-yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 20 ming kmgacha bo‘lgan avtomobillar – kam foydalanilgan, ushbu yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 20 mingdan 50 minggacha bo‘lsa – o‘rtacha foydalanilgan.
Shuningdek, ushbu yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan, 2021–2022-yillarda ishlab chiqarilgan va 40 mingdan ortiq masofa bosib o‘tgan, 2020-yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar ko‘p foydalanilgan avtomobillar ro‘yxatiga kiritilgan.
«Avtomobillar narxini tahlil qilishda ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) orqali to‘plandi», – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan sentabr oyida o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan ommabop avtomobillar narxi sezilarli darajada pasaygani haqida xabar bergan edi.