AQSHdagi universitetda ommaviy otishma yuz berdi
Joriy yilning 10-noyabr kuni AQSHning Alabama shtatidagi Tuskegee universitetida otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda mahalliy huquqni muhofaza qilish organlariga tayanib, CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, otishma yuz berishi natijasida bir kishi halok bo‘ldi, kamida 16 kishi jarohatlangan. Hodisa natijasida jarohatlanganlardan 12 nafari shifoxonaga yetkazilgan, yana to‘rt kishi yengil jarohat olgan. Huquq-tartibot idoralari keyinchalik hodisa joyidan pulemyot topgan.
Otishmani uyushtirishda gumonlangan 25-yoshli erkak qo‘lga olingan. U otishma sodir etilgan qurol egasi sifatida ayblanmoqda. Erkakning qayerda saqlanayotgani va hozirda advokati bor-yo‘qligi noma’lum.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu AQSHda 2024-yil boshidan beri qayd etilgan 454 ta ommaviy otishmadan biri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 26-oktabr kuni Qibray tumanida noma’lum shaxslar tomonidan Range Rover avtomashinasiga qarata o‘q uzganlardan biri hibsga olingani haqida xabar bergan edi.