Germaniyaning ARD telekanali jurnalisti Hayyo Zeppelt yirik tadbirkor Alisher Usmonov haqidagi surishtiruvning haqqoniy emasligini tan oldi, deb ma’lum qildi «Kommersant» nashri sud hujjatlariga tayanib.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist milliarderga qarshi ayblovlarni tarqatmaslikka va’da bergan. Shuningdek, u agarda sud taqiqlarini buzsa, javobgarlikka tayyor ekanini bildirgan.
Bundan avval Hayyo Zeppelt Usmonovni qilichbozlik bo‘yicha xalqaro musobaqalarda hakamlarni pora bilan ta’minlash tizimini yaratganlikda ayblagan edi.
Oktabr oyida milliarder Zeppeltning ayblovlari yuzasidan ARD telekanaliga qarshi sudda g‘alaba qozongan edi. Kanal apellyatsiya bermaslikka qaror qilgan va tadbirkorning talablarini qabul qilgan.
Shundan so‘ng, Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasidan jurnalistni tuhmat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) rahbari lavozimiga Alisher Usmonov nomzodini 100 ta davlat qo‘llab-quvvatladi hamda u rasman ro‘yxatga olingani haqida xabar bergan edi.