Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq xodimiga qilingan suiqasd voqeasida «chechen izi» borligi haqidagi taxminlarni «asossiz ayblov» deb baholadi Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov.
«Bir necha hafta oldin Oʻzbekistonda prezident administratsiyasining sobiq xodimi boʻlgan shaxsning mashinasiga oʻq uzildi. (…) Hodisa yuzasidan tergov natijalari e’lon qilinmasidan oldin, ayrim Gʻarbga moyil va mamlakatdagi oppozitsion OAVlar bu voqeada “chechen izi» borligi haqida asossiz ayblovlarni ilgari surdi va meni ayblashdi”, – deb yozdi Qodirov oʻzining Telegram kanalida.
Shimoliy Kavkaz Respublikasi rahbari «provokatsion xabarlar tarqalishiga» javob bermasligini ta’kidlab, «haqiqatda biror narsa rejalashtirgan boʻlganida, albatta uni oxirigacha yetkazib, yuz foizlik natijaga erishgan boʻlar edi», dedi.
Qodirovning soʻzlariga koʻra, oʻzbek va chechen xalqlari umumiy tarixiy oʻtmishga ega qardosh xalqdir. U shaxsan oʻzini Oʻzbekiston bilan otasining hayoti orqali bogʻliqligini ta’kidladi.
«Ushbu ma’lumotlarning tarqalishini ayrim uchinchi shaxslarning siyosiy oʻyinlari uchun vosita va mamlakatlarimiz oʻrtasida nizo keltirishga ochiq urinish deb baholayman», deya ta’kidladi Qodirov va ma’lumot manbalarini aniqlash ishlari olib borilayotganini qoʻshimcha qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyi oxirida Qibray tumanida noma’lum shaxslar Range Rover avtomobilini o‘qqa tutgani haqida xabar bergan edi. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga koʻra, ushbu avtomobilda Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov boʻlgan.