Yangiliklar

Mirziyoyev Saudiya Arabistoni bosh vaziri bilan yangi loyihalarni muhokama qildi

Sammitga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi
Foto: President.uz

Ar-Riyoddagi sammitda Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, davlat rahbarlari yangi qoʻshma loyihalarni, jumladan, yashil energiya, transportni modernizatsiya qilish va qishloq xoʻjaligi sohasini ishga tushirish rejalarini muhokama qildilar. Shuningdek, 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi arab davlatlari kengashi» ikkinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakat fuqarolarining Haj va Umra ziyoratlari uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Mintaqaviy masalalar, jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan tartibga solish ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev urushdan jabr koʻrgan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekistondagi klinikalarda bepul davolashni taklif qilgan edi.