Yashil energiya sotishdan o‘zbekistonliklar 8,9 milliard so‘m daromad oldi
O‘zbekiston rezidentlariga quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini sotishdan 8,9 mlrd so‘m tushgan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, quyosh batareyasiga ega xonadonlar uchun yagona elektr energetika tizimiga o‘tkazilgan har bir kVt/soat energiya uchun 1 ming so‘m miqdorida subsidiya belgilanadi. Yanvardan sentabrgacha 6 ming xonadon subsidiya oldi.
O‘zbekiston hududlari orasida eng ko‘p subsidiyalarni Xorazm viloyati aholisi olgan. Ularga 2,1 mlrd so‘m o‘tkazib berildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Qoraqalpog‘iston va Toshkent shahri egallab, aholiga mos ravishda 1,5 va 1,2 mlrd so‘mlik subsidiyalar ajratilgan.
Ma’lumot uchun, fuqarolar to‘lovlarni «Soliq» mobil ilovasi orqali oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan qancha elektr ishlab chiqarilgani haqida yozgan edik.