O‘zbekiston – Qozog‘iston harbiy xizmatchilari o‘rtasida hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlariga start berildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘quv mashg‘uloti markaziy harbiy okrugda joylashgan «Forish» tog‘ poligonida o‘tkazilmoqda.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi rahbarlari bilan brifingda o‘quv mashg‘ulot dasturi bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Mashg‘ulotning davomiylik muddati o‘n kun bo‘lib, ushbu muddat ichida amaliy mashqlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Xususan, «Xanjar – 2024» maxsus-taktik o‘quvi davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari turli jangovar qurollardan otish, shartli aholi yashash hududida jang olib borish va harakatlarni tahlil qilish jarayonlarini amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Forish» tog‘ poligonida ushbu ikki mamlakat harbiylari o‘rtasida o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tgan edi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda “Vostok-Antiterror – 2024″ qo‘shma antiterror mashg‘ulotlari o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.