Yangiliklar

Iqlim o‘zgarishlari geosiyosiy keskinlikni kuchaytirmoqda – prezident

Shuningdek, global tahdidga aylanib borayotgani ham ta’kidlandi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, prezident iqlim o‘zgarishlari global tahdidga aylanib borayotgani va bu holat geosiyosiy keskinlik, resurs yetishmovchiligi kabi muammolarni kuchaytirayotganini ta’kidladi.

Foto: President.uz

Mirziyoyev O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash yo‘nalishidagi maqsad va rejalarini bayon qildi. 2030-yilgacha O‘zbekiston issiqxona gazlarini uchdan bir qismini qisqartirishni, «yashil» energetika ulushini 40 foizga yetkazishni rejalashtirgan. Elektromobillar, «yashil» vodorod, quyosh va shamol energiyasini rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish kabi loyihalar bu maqsadga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mintaqada iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda harakat qilish uchun O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy iqlim strategiyasini ishlab chiqmoqda. Prezident Mirziyoyev xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun moliyaviy va texnik ko‘makni oshirishni ham taklif qildi.

Foto: President.uz

O‘zbekiston rahbari COP29 ishtirokchilarini 2025-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan Jahon iqlim poytaxtlari forumiga taklif etdi hamda iqlim masalalarida ochiq muloqot va hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Saudiya Arabistoni bosh vaziri bilan yangi loyihalarni muhokama qilgan edi.