Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti ITB bilan sheriklik jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan Arab muvofiqlashtirish guruhining yig‘ilishini yuqori baholadi. Bugungi kunda ITB bilan loyiha portfeli $4 mlrd.dan oshib, ularning 40 foizi xususiy sektorga tegishli.
Shuningdek, ITB ishtirokida ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma va ekologiya sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga, xususiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi. Yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ITBning roli yanada mustahkamlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida nutq so‘zlagan edi.