X ijtimoiy tarmogʻi (sobiq Twitter) Ilon Maskning kompaniyasi ishlab chiqargan Grok chat-botining bepul versiyasini sinash bosqichiga oʻtdi, deb xabar qildi TechCrunch.
Ilgari Grok faqat oylik narxi $16 bo‘lgan Premium+ obuna egalari uchun mavjud edi. Endilikda ijtimoiy tarmoq chat-botdan barcha foydalanuvchilar foydalanishini rejalashtirmoqda.
TechCrunch portali Yangi Zelandiyada chat-botning bepul versiyasi sinab ko‘rilayotganini tasdiqladi. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, bepul foydalanuvchilarga chat-botdan foydalanishda ma’lum cheklovlar qo‘yilgan. Xususan, Grok-2 modeli uchun ikki soatda 10 ta so‘rov, mini-Grok-2 modeli uchun esa ikki soatda 20 ta so‘rov kiritish mumkin. Shuningdek, rasm tahlili uchun uchta so‘rov kiritish imkoniyati mavjud.
Grok’dan foydalanish uchun X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifangiz kamida yetti kun avval yaratilgan va unga telefon raqami bog‘langan bo‘lishi lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Grok chat-botini Ilon Maskning xAI startapi yaratgani haqida yozgan edi. Yanvar oyida ushbu startap taxminan $500 mln investitsiya jalb qilgan.