Raqobat qo‘mitasi bir qator telekanallarga reklama faoliyatini amaldagi qonunchilik talablari asosida tartibga solish va reklama hajmini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ogohlantirish berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bunga sabab ijtimoiy tarmoqlarda va keng jamoatchilik orasida telekanallarda reklama roliklarining uzoq davom etishi va efir vaqtining ortiqcha qismi reklamaga ajratilishi borasidagi noroziliklar va e’tirozlar bo‘ldi.
Raqobat qo‘mitasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda telekanallardagi reklamalar hajmini qonun talablariga muvofiqligini o‘rganish maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Ushbu tahlil davomida «FTV», «Muloqot» va «Amudaryo» telekanallarida 2024-yilning aprel-iyul oylarida efirga uzatilgan reklamalar hajmi qonunda belgilangan me’yorlardan oshib ketgani aniqlandi.
Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 27-moddasi buzilishi sababli ushbu telekanallarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Telekanallarga kelgusida qonun talablarini buzmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va qonunchilikka rioya etish bo‘yicha qattiq talab qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, telekanallar efirida beriladigan reklama umumiy davomiyligi bir soatlik ko‘rsatuv vaqtida 20 foizdan, kun davomida esa efir vaqtining 15 foizidan oshmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita tomonidan 358 ta noqonuniy biofaol qo‘shimchalar va oziq-ovqat reklamalari aniqlangan edi.