Yangiliklar

Oʻzbekistonda oktabr oyida koʻchmas mulk bozori 0,6 foizga oʻsdi

Oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan
Foto: alexraths / depositphotos.com

Oktabr oyida koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentabr oyiga nisbatan 0,6 foizga oshib, 21,4 mingtani tashkil etgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisobotida maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, uy-joy sotuvlari Toshkent va Jizzax viloyatlarida oʻsishni va Qoraqalpogʻistonda ijobiy oʻzgarishlarni koʻrsatdi. Shuningdek, ikkilamchi bozorda narxlar deyarli oʻzgarmadi, uy-joy ijara bozoridagi vaziyat ham barqarorlashdi.

Hududlar kesimida Toshkent viloyatida (+10 foiz) sezilarli oʻsganini, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (+8,1 foiz) va Jizzax viloyatida (+7,5 foiz) ijobiy oʻzgarishlarni koʻrsatmoqda.

10 oylik maʼlumotlarga koʻra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan.

Ikkilamchi bozorda narxlar deyarli oʻzgarmadi (+0,1 foiz). Eng katta narx oʻsishi Andijon (+5,1 foiz) va Sirdaryo (+3,3 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Navoiy, Xorazm, va Namangan viloyatlarida esa narxlar pasaydi.

Toshkentdagi ikkilamchi uy-joylar narxi eng yuqori boʻlib, bir kvadrat metr uchun oʻrtacha $1100 ni tashkil etdi. Qoraqalpogʻistonda esa kvadrat metr uchun oʻrtacha narx — $328.

Uy-joy ijara bozorida ham barqarorlik saqlanib, Toshkentda oktabrda ijara narxlari oʻzgarmadi. Toshkentning baʼzi tumanlarida (masalan, Sergeli va Uchtepa) ijara narxlari pasaygan, boshqa tumanlarda esa yuqori boʻlib qolgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan koʻchmas mulk ijarasi faol oʻsishni koʻrsatgani haqida xabar bergan edi.