Toshkentda pullik avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha auksion o‘tkaziladi
Toshkent ko‘chalarida pullik avtoturargohlarni tashkil etish huquqi bo‘yicha auksionlar o‘tkaziladi. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lum qilindi.
Butun shahar bo‘ylab ijaraga olinadigan avtoturargoh zonalarining umumiy maydoni 262,8 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Savdolar markaziy ko‘chalarni hamda Uchtepa, Chilonzor, Sergeli, Yangihayot, Olmazor, Shayxontohur, Bektemir, Mirobod va Yashnobod tumanlarini qamrab oladi.
Ijara muddati uch yilni tashkil etib, birinchi ikki yilda ijarachi avtoturargoh infratuzilmasiga, shu jumladan, parkomatlar o‘rnatish va aloqa tizimlarini ta’minlashga kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak.
Shuningdek, avtoturargohdan tushadigan daromadning 1/12 qismi Toshkentning yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish fondiga yo‘naltirilishi lozim. Ijarachi avtoturargoh joylaridan foydalanishni nazorat qilish uchun mas’ul bo‘ladi.
Yillik ijara to‘lovining boshlang‘ich qiymati 57,21 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 84 mingta pullik avtoturargoh o‘rni tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.