Yangiliklar

Tramp AQShga qonuniy kirish dasturlarini to‘xtatmoqchi — Reuters

Ruxsatnoma muddati tugaydiganlar mamlakatni tark etadi
Foto: Lafla.org

AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishgach, immigratsiya nazoratini kuchaytirish choralarini ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, respublikachi mamlakatga qonuniy kirish uchun asosiy dasturlarni ham to‘xtatmoqchi.

Bunday choralar Federal Immigratsiya xizmati xodimlariga sudlanmagan shaxslarni hibsga olish vakolatlarini beradi. Shuningdek, bu qo‘shinlarni Meksika — AQSh chegarasiga o‘tkazish va chegara devorini qurish bo‘yicha ishlarni davom ettirish imkonini taqdim etadi.

Tramp ma’muriyati Jo Baydenning muhojirlarning mamlakatga qonuniy yo‘l bilan kirishiga ruxsat bergan gumanitar dasturlarini to‘xtatish niyatida. Bu ruxsatnomalar muddati tugaydiganlar uchun AQShni tark etishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish Trampning saylovoldi kampaniyasidagi va’dalaridan biri edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask AQShning yangi hukumatiga qo‘shilgani haqida yozgan edik.