Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiyaning Isroil bilan diplomatik aloqalarini to‘xtatganini e’lon qildi. Bu haqda «RIA Novosti» axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Erdo‘g‘an Anqaraning Isroil bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun hech qanday qadam tashlamayotganini ham qo‘shimcha qildi. Turkiya, G‘azoda Isroilning harbiy operatsiyalarini qoralab, Falastin tinch aholisiga qarshi harakatlarda ayblamoqda va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Turkiya o‘z noroziligini bildirgan holda, Isroil bilan savdo-sotiqni to‘xtatib, turli eksport cheklovlarini kiritdi. Isroil Bosh vaziri Netanyaxu Turkiyada qattiq tanqid ostida qolmoqda, xususan, Erdo‘g‘on uni «qassob» va «zamonaviy fyurer» deb atadi.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kuchaygan ziddiyat oqibatida ko‘plab qurbonlar berilmoqda. Isroilga qarshi HAMAS hujumlaridan so‘ng Isroil «Temir qilichlar» operatsiyasini boshladi va G‘azoni to‘liq blokadaga oldi.
Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat, jumladan Rossiya, har ikki tomon harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil mudofaa vaziri iste’foga chiqarilgani haqida yozgan edik.