AQSh Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun $500 ming ajratadi
AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov mamlakatlarning to‘rtinchi yillik strategik sheriklik muloqotini o‘tkazdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tadbir davomida tomonlar iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va xavfsizlik sohalarida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratdi. Vakillar xalqaro masalalarda birgalikda harakat qilish, bojxona, kiberxavfsizlik, mehnat huquqlari va ayollarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarda ham hamkorlik qilishni ta’kidladi.
Suningdek, AQSh Davlat departamenti Samarqand shahridagi Registon maydoni arxitektura konservatsiyasi ishlari uchun $500 ming mablagʻ ajratilishini e’lon qildi. Moliyalashtirish «AQSh elchilarining madaniy merosni asrash» jamgʻarmasi (AFCP) orqali beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Maps ilovasiga Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylarining 3D modeli qoʻshilgani haqida yozgan edik.