Chery kompaniyasi 15-noyabr kuni Guanchjouda boshlanadigan ko‘rgazmada yangi Journeo yoʻl tanlamas (off-road) minivenini taqdim etadi. Ushbu zamonaviy miniven hozircha g‘oya (concept) sifatida taqdim etilib, o‘z xususiyatlari bilan Mitsubishi Delica’dan ustun bo‘lib, pnevmo-podveska, to‘liq gibrid tizim va 2500 km masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega. Bu haqda Autohome.com xabar bermoqda.
Chery Journeo keng eshiklari, katta panoramali tomi va quyosh panellariga ega. Salonda keng joy, alohida o‘rindiqlar, rul o‘rnida shturval joylashtirilgan.
Journeo ilg‘or CPilot 5.0 avtonom boshqaruv tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, unda sun’iy intellektga asoslangan yordamchi tizimlar va 1000 TOPS quvvatga ega platforma o‘rnatilgan. Shuningdek, 30 dan ortiq xavfsizlik va haydovchiga yordam berish texnologiyalari joriy etilgan.
Journeo Kunpeng Super Hybrid C-DM yettinchi avlod gibrid tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u 2,0 litrli benzin dvigateli va ikki elektromotor bilan ishlaydi. Ularning ishini uch bosqichli DHT transmissiya boshqaradi va benzin bakida 2500 km masofa bosib o‘tishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Jetour Traveller hamda uning narxlari haqida ma’lumot bergan edi.