III chorakda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni deyarli 20 foizga kamaydi
O‘zbekistonda avtomobil bozoridagi faollik 2024-yilning III choragida 2023-yilga nisbatan kamaygani kuzatildi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlilida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, tahlil IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda Markaziy bank ma’lumotlari asosida amalga oshirildi.
III chorakda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan avtomobillar soni 352,8 ming donani tashkil etib, bu shu yil II chorak ko‘rsatkichidan 76,8 mingga, ya’ni 27,8 foizga ko‘proq. Biroq o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,9 foiz kam.
Avtokreditlar va aholining tasarrufdagi daromadlari avtomobil bozorining faolligiga bevosita ta’sir qiluvchi omillardan hisoblanadi. 2021-yildan 2024-yilning sentabriga qadar avtomobil savdosi bilan avtokreditlar hajmi (korrelyatsiya koeffitsiyenti 0,72) va aholi daromadlari (korrelyatsiya koeffitsiyenti 0,42) o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlandi.
2024-yilning dastlabki 9 oyida jami 12,8 trln so‘m miqdorida avtokreditlar berilgan bo‘lib, bu 2023-yilga nisbatan 2,4 barobar kam hisoblanadi. Faqat III chorakda ajratilgan avtokreditlar hajmi II chorakka nisbatan 16,9 foiz va 2023-yilning shu davriga nisbatan esa 3,0 barobar kamaygan.
Ma’lumot uchun, ajratilgan kreditlarning o‘sish sur’ati saqlansa, yil oxiriga qadar har oyda o‘rtacha 115 – 118 ming dona avtomobil davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mumkin. 2023-yil IV choragida har oyda o‘rtacha 154,8 mingta avtomobil savdo shartnomasi imzolangan.
Avtokreditlarning kamayishi sababli ayrim avtomobil dilerlari tomonidan chegirmalar, foizsiz muddatli to‘lovlar qo‘llab-quvvatlov mexanizmlari joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chery Journeo yangi miniven taqdim etgani haqida yozgan edik.