Ikkita don zavodining davlat aksiyalari sotuvga qo‘yiladi
O‘zbekistonda «Quva don mahsulotlari» va «Xorazm don mahsulotlari» AJlarining ustav kapitalidagi davlat aksiyalari ochiq savdoga qo‘yiladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Savdolar 2024-yil 6-dekabrda «Toshkent Respublika fond birjasi»da o‘tkaziladi. Yangi egalar kamida 5 yil davomida korxonalarning asosiy faoliyati – don ishlab chiqarish va qayta ishlashni davom ettirishi shart. Bundan tashqari, mavjud don omborlari va ishlab chiqarish quvvatlari saqlanib qolishi, shuningdek, korxonalar davlat zaxiralari uchun ajratilgan donni shartnoma asosida saqlashi talab etiladi.
«Quva don mahsulotlari»da davlat aksiyalarining 51 foizi boshlang‘ich narxi 20,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi korxonada esa 92,2 foiz ulush 29,7 milliard so‘mga taklif qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJdagi 35 foiz davlat ulushi «Cotton Logistics» MCHJga 200 milliard so‘mga sotilgani haqida xabar bergan edi.