Oʻzbekiston va Germaniya 3 mln yevrolik yangi shartnoma imzoladi
13-noyabr kuni Boku shahrida Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) oʻrtasida 3 million yevro miqdorida yangi shartnoma imzolandi. Uchrashuv BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha COP29 konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Mazkur uchrashuvda Oʻzbekistonda xususiy sektorga yordam berish va iqtisodiy siyosatlar boʻyicha maslahat beruvchi loyihaning joriy holati muhokama qilindi.
Loyiha doirasida Oʻzbekistonga issiqxona gazlarini oʻlchash va sertifikatlash boʻyicha ekspert maslahatlari taqdim etilib, xalqaro issiqxona gazlari savdosida ishtirok etish hamda Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmi (CBAM) talablariga moslashishda yordam beriladi. Shuningdek, loyiha xususiy sektorga yashil texnologiyalarni joriy etishda ko‘mak beradi, xususan, sirkulyar iqtisodiyot va yashil sanoat parklari modellarini qoʻllab-quvvatlaydi.
Ushbu loyiha 2023-yil dekabr oyida COP28 konferensiyasida imzolangan boʻlib, Germaniyadan 9 million yevro miqdoridagi grant mablagʻlari jalb etilgan. Loyiha Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyot va sanoatlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Ozarbayjon «yashil» energiya eksporti boʻyicha shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.