14-noyabr, payshanba kuni Toshkent shahri atmosferasida PM2,5 zararli moddalari konsentratsiyasi me’yordan 15,8 barobar oshdi. Bu haqda IQAir monitoring platformasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent havosi eng yuqori ifloslangan shaharlar reytingida oltinchi o‘rinni egalladi.
Poytaxt Vyetnamning Xanoyi (beshinchi oʻrin) va Indoneziyaning Jakartasi (yettinchi oʻrin) oʻrtasidan joy oldi.
Ma’lumot uchun, PM2.5 chang, avtomobil shinalari, asfalt va og‘ir metall birikmalarining mayda zarralaridan iborat. Ular nafas olayotganda inson tanasiga havo bilan birga kirib, yurak-qon tomir tizimi va nafas olish organlari kasalliklarini keltirib chiqaradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri o‘tgan chorshanba, 13-noyabr kuni Toshkent havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 19-o‘rinni egallagani haqida yozgan edi.