Joriy yilning 10 oyi ichida O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida ikki tonnaga yaqin oltin sotildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobarga o‘sdi. Bu haqda O‘zRTXB matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
2024-yilda savdoga qo‘yilgan oltin bo‘yicha bitimlar 564 tani, umumiy qiymati esa 1,9 trln so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning mos davrida salkam 962 kg oltin sotilgan, shu jumladan, 372 ta, umumiy qiymati 697,5 mlrd so‘mga teng bo‘lgan bitimlar imzolandi.
Kumush
Joriy yilning yanvar – oktabr oylarida birjada 366 kg kumush sotilgan. Ushbu mahsulot bo‘yicha 23 ta, umumiy qiymati 4,1 mlrd so‘mga teng bo‘lgan bitimlar imzolangan.
Ushbu ko‘rsatkichlar 2023-yilning mos davrida 267 kg sotilgan bo‘lib, bu bo‘yicha 11 ta, umumiy qiymati 2,2 mlrd so‘mga teng bo‘lgan bitimlar imzolangan.
2024-yilning yanvar – oktabr oylarida kumush savdosi bo‘yicha tuzilgan bitimlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga o‘sgan.
Eslatib o‘tamiz, birja savdolari orqali oltin va kumushni asosan zargarlar sotib olmoqda. So‘nggi yillarda zargarlik sanoatida islohotlarga doir qator hujjatlar qabul qilindi. Zargarlarga xomashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri OKMK va NKMKdan, qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchilardan, birjadan va affinaj korxonalardan sotib olish huquqi, shuningdek, to‘lovni kechiktirish imkoniyati berilgan.