Joriy yilning 15-noyabr holatiga ko‘ra, 5 grammlik oltin quymasining narxi 5,44 mln so‘mni tashkil etmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu ko‘rsatkichlar o‘tgan hafta yakuni 8-noyabr holatida 5,7 mln so‘mni tashkil qilgan. Oltin quymalari bir hafta ichida 256 ming so‘mga yoki 4,5 foizga pasaygan.
Jahon bozorida ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatildi. Masalan, LBMA ma’lumotlariga ko‘ra, 8-noyabrda bir troy unsiya uchun kunduzgi fiksing $2,685.20 ni tashkil etgan bo‘lsa, 14-noyabrga kelib u $2,548.45 gacha pasaygan. Shu tariqa narx 5,1 foizga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlatlar orasida o‘ninchi o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edi.