O‘zbekiston Kimberli jarayoni sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shilib, xalqaro olmos bozorida faoliyat yuritish imkoniyatlarini kengaytirdi. 2024-yil 12-15-noyabr kunlari Dubayda (Birlashgan Arab Amirliklari) Kimberli jarayonining 21-yillik yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning murojaati ijobiy baholandi va mamlakat to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
Bu qaror joriy yil oktabr oyida Kimberli jarayoni ekspert missiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida respublikaning minimal talablarni bajargani uchun ijobiy baho olganidan so‘ng qabul qilindi.
Kimberli jarayoni noqonuniy qazib olingan yoki «qonli» deb ataluvchi olmoslarning jahon bozoriga kirib kelishiga qarshi kurashuvchi xalqaro hukumatlararo tashabbusdir. Ushbu tizimga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar ishlov berilmagan olmos sotib ololmaydi.
«O‘zbekzargarsanoati» mutaxassisi Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda shunday dedi:
«Respublikamiz qimmatbaho toshlarga ega emas. Kimberli jarayoni sertifikatlashtirish sxemasiga a’zo bo‘lmagan davlatlar ishlov berilmagan olmoslarni sotib ololmaydi. Agar mamlakat tizimga kirsa, bu sayqallash ishlarini kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi».
Kimberli jarayoniga qo‘shilish O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF–104-sonli farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Ushbu farmon zargarlik sanoatini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.