Hozircha rasman taqdim etilmagan Samsung Galaxy S25 Geekbench’da sinovdan o‘tkazildi, natijada operativ xotira hajmi oshgani ma’lum bo’ldi. Bu haqda Sammobile xabar berdi.
Galaxy S24’da 8 GB bo‘lgan operativ xotira hajmi, endilikda Galaxy S25’da 12 GB’ni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, xotira hajmining 50 foizga oshishi interfeysning silliq ishlashiga, resurs talab qiladigan ilovalar va sun’iy intellekt funksiyalarining ishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Bundan tashqari, Galaxy S25 SM-S931N katalog raqami bilan Janubiy Koreya bozori uchun benchmark sinovidan o‘tkazildi.
Dastlabki ma’lumotlar va Geekbench sinovi natijalariga ko‘ra, Galaxy S25 Plus ham xuddi shunday 12 GB operativ xotiraga ega bo‘ladi. Galaxy S25 Ultra esa 16 GB operativ xotira bilan ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, Samsung kompaniyasi yangi modellarning taqdimotini 2025-yil yanvar oyida o‘tkazishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung W25 taqdim etilib, narxlar e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.