Andijon viloyatida $3,1 milliard investitsiya jalb qilinadi
18-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev kelgusi yilda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda yangi loyihalar va takliflar muhokama qilindi. Masalan, Oltinko‘l va Jalaquduq tumanlarida tomchilab sug‘orish orqali qalampir yetishtirish loyihasi boshlangani, Paxtaobodda gilos va rezavor mevalar ekilishi, shuningdek, parrandachilik korxonalarini tiklash orqali 650 kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati qayd etildi.
Yig‘ilishda 2025-yilgacha viloyatda $3,1 mlrd investitsiya jalb qilish, 334 ta loyiha amalga oshirish, 305 ming ish o‘rni yaratish va $1 mlrdlik eksportni yo‘lga qo‘yish maqsadi belgilandi.
Prezident yangi imkoniyatlarni samarali ishga solish va aholining daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati hokimi lavozimga qayta tayinlangani haqida yozgan edik.