Mashhur rus bloggeri Varlamov Toshkentga ko‘chishni orzu qilmoqda

eʼlon qilindi
Blogger avval ham Toshkent haqida ilik fikrdagi videolar joylagan edi
Foto: Arlexorg.biz

Rossiyalik mashhur YouTube blogeri va shaharsozlik tahlilchisi Ilya Varlamov o‘z Telegram kanalida Toshkentda yashash istagi borligini bildirdi.

U avvaldanoq o‘z videolarida Toshkentning boy madaniy merosi, tarixiy me’morchiligi va zamonaviy rivojlanish jarayonlari haqida iliq fikrlarni bildirib kelgan edi.

«Madaniyatshunoslikni o‘rganardim. Juft kunlarda Hazrati Imom ansambliga, toq kunlarda esa ko‘rkam bekatlarga ega Toshkent metrosiga tashrif buyurgan bo‘lardim. Toshkent hayvonot bog‘iga borib, qor qoplonlari va tuyalarni tomosha qilardim. Hammaga Abdul sher haqida gapirib berardim. Shunday qadimiy Eski-shahar turganda sayyohlik ko‘chalariga e’tibor ham bermasdim. Chorsu bozoridan nodir kitoblarni ovlagan bo‘lardim. Ko‘kaldosh madrasasi suratini chizardim. Navoiy xiyobonini aylanib yurardim. «Yalla»ni, o‘zbek cholg‘ulari sadolarini tinglardim», — deya post qoldirgan Varlamov.

Varlamov nafaqat shaharni sevishini, balki uning merosini asrab-avaylash muhimligini ham his qiladi. Eski mahallalar va tarixiy arxitekturani zamonaviy ta’sirlardan himoya qilish, Chorsu bozorini modernizatsiya tahdidlaridan saqlash kabi tashabbuslarda qatnashishga tayyorligini bildirdi. Uning fikricha, Toshkentning o‘ziga xosligi – uning boy tarixida va ushbu tarixni himoya qilish har bir fuqaroning vazifasidir.

Bloger Toshkentning gastronomik imkoniyatlarini ham qadrlashini yozgan. U somsa, palov va boshqa milliy taomlarni tatib ko‘rish orzusi borligini, ayniqsa, eski choyxonalarda choy ichish va bozorlardan o‘zbekcha ziravorlar xarid qilish uning shaxsiy «Istaklar ro‘yxati»dan joy olganini yozgan.

Yana yozishicha, blogger Navro‘z bayramini shu yerda nishonlash, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarni ziyorat qilish va O‘zbekistonning boy tarixi bilan yaqindan tanishishni reja qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent 2025-yilgi Mobile 360 konferensiyasiga mezbonlik qilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek