O‘zbekistonliklarning 74 foizi korrupsiya haqida xabar berishga tayyor
«Korrupsiyaga qarshi kurashda xabar berishning o‘rni va ta’siri» mavzusida o‘tkazilgan so‘rov natijalari e’lon qilindi. Respondentlarning 74 foizi bunday holatlar haqida ma’lum qilishga tayyor ekanini bildirgan. Ushbu tadqiqot Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirildi.
Respondentlarning 82,2 foizi korrupsiyaga oid murojaatlarni elektron platformalar yoki mobil ilovalar orqali yuborishni afzal ko‘rishini bildirgan. Murojaat qilishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar orasida, xususan, qayerga murojaat qilishni bilmaslik (20,4 foiz) va korrupsiyadan o‘zi manfaatdor bo‘lish (19,8 foiz) alohida ajralib turadi.
Shuningdek, so‘rovda ishtirok etganlarning 13,8 foizi minnatdorchilik belgisi sifatida sovg‘a berishni odatiy hol deb hisoblashini bildirgan bo‘lsa, 7,4 foizi buni korrupsiya ekanini bilmasligini aytgan.
Mazkur natijalar huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan korrupsiyaga qarshi kurashayotgan mansabdor shaxsning pora bilan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.