Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament va hukumat organlarining faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilishda vazirliklar va parlament qoʻmitalarining aholi bilan bevosita muloqot qilib, ularning muammolarini hal qilishga e’tibor qaratishi lozimligini ta’kidladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, vazirliklarning eng katta kamchiligi – quyi boʻgʻinda, ayniqsa, tuman va shahar darajasida samarali ish tashkil eta olmayapti. Endilikda vazirliklar uchun aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish bosh vazifa boʻlishi kerak.
Bundan buyon har bir rahbar va mutasaddi faoliyatiga aynan shu mezon asosida baho beriladi.
Shuningdek, prezident deputatlarni vakolatlari doirasida oʻz okruglaridagi tuman va shahar darajasida soʻrov va talabni kuchaytirishga chaqirdi. Parlament qoʻmitalari esa vazirliklar bilan yaqindan hamkorlik qilib, qonunlar ijrosini nazorat qilish va aholi manfaatlarini himoya qilish boʻyicha samarali ishlashi lozim.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti parlamentdagi nutqida saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanganini aytgan edi.