Saylov natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqib, saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foizga yangilanganini aytdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Markaziy saylov komissiyasining faoliyati sezilarli kuchaygani, professional saylov organlari tashkil etilgani saylovlarning haqqoniy ruhda oʻtishida muhim rol oʻynadi.
Deputatlarning 11 nafari 35 yoshgacha, ilk bor yoshlar parlamentining 2 nafar vakili Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi. Ayniqsa, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori koʻrsatkichdir.
Tariximizda ilk bor nogironligi boʻlgan fuqaromiz Qonunchilik palatasi deputati etib saylandi.
Yangi tarkibda 63 nafar deputat qayta saylangani esa parlament ishida uzviylik va professionalizmni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, prezident partiyalar tomonidan saylov kampaniyasi davomida ilgari surilgan va xalq qo‘llab-quvvatlagan takliflarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zLiDePning xususiy mulk daxlsizligini mustahkamlash va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga oid takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining ta’lim tizimini takomillashtirish, maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish va yoshlar uchun yangi sharoitlar yaratish masalalari yuzasidan takliflari ijobiy baholandi.
Xalq demokratik partiyasi tomonidan nogironlar uchun sharoitlarni yaxshilash va pensiya huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ham Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining ekologik, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasidagi takliflari, shuningdek, Ekologik partiyaning yashil bog‘lar tashkil etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tashabbuslari ham tasdiqlangani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Senat a’zolarini tayinlagan edi.